Insonga berilgan eng buyuk neʼmat hayot bo‘lsa, insoniyat hamisha intilib kelgan eng ulug‘ maqsad, bu, shubhasiz, tinchlik va totuvlikdir. Bir-birimizga doim tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik tilashimizning boisi shu.
O‘zbekiston azaldan bag‘rikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik makoni bo‘lgan. Yeri, suvi, to‘yi-yu maʼrakasi bitta bo‘lgan turli millat va elat vakillari asrlar osha birdamlikda yashab kelgan. “Bag‘rikeng O‘zbekiston!”, “Bag‘rikeng o‘zbek xalqi” kabi iboralar bejiz paydo bo‘lmagan.
Ko‘p millatli va ko‘p dinli davlatda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlik – barqarorlik va taraqqiyotga mustahkam zamin yaratuvchi, uning istiqbolini belgilab beruvchi muhim omil sanaladi.
Bugun yurtimiz jadal surʼatlarda rivojlanayotgani, olib borilayotgan islohotlar o‘z mevasini berayotgani, el-yurt farovonligi tobora ortayotganining asosiy sabablaridan biri ham bu yurtda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida ahil-inoq bo‘lib yashab kelayotganidadir.
Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qo‘yilgani esa bu boradagi islohotlarning qomusiy asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda maktablarda taʼlim 7 tilda olib borilayotgani yurtimizda turli millat vakillariga mansub o‘quvchilarning o‘z ona tilida taʼlim olishi uchun sharoit yaratmoqda. Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani barchaga teng sharoitlar yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari O‘zbekistonning yagona xalqi sifatida o‘zlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyoti hissa qo‘shmoqda, birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 dan ortiq millat vakillari mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi. Bunday yutuqlarning chegarasi yo‘q, jamiyatning har bir jabhasida millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topganligini kuzatmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar, konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni asrash, uni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Yurtboshimizning donishmandlik, insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosida yuritayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatimizda umummilliy birdamlik yana-da mustahkamlanmoqda, barchamiz uchun aziz va moʻtabar bo‘lgan Vatanimiz inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 8-may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek: “Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘pmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir”.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda ajdodlar maʼnaviy merosiga sodiqlik asosida millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar yo‘nalishida ham yangi marralar, tashabbuslarni belgilab berdi.
Shu maʼnoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil mart oyida qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.
Millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash, yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish, barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlarning milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etish, millatlararo totuvlikka salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga ko‘maklashish Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, umummilliy birdamlikni taʼminlash sohasida va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash sohasida davlat siyosati konsepsiyalari loyihalarini ishlab chiqilishi belgilanganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirilishidan dalolat beradi.
Avvalo umummilliy totuvlikni taʼminlashning muhim elementi sifatida O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va anʼanalarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, bu yo‘nalishda ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning o‘rni juda muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyati davlatimiz tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Prezidentimizning tashabbuslari asosida 2021 yildan boshlab ushbu markazlar faoliyat ko‘rsatishi, madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va anʼanalarini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarini amalga oshirishi uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.
Hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Do‘stlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul asosda foydalanib kelmoqdalar. Toshkent shahrining markazida joylashgan Millatlararo munosabatlar qo‘mitasining binosida ham respublika hamda Toshkent shahri darajasidagi 27 ta milliy madaniy markaz to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ayniqsa, joriy yil iyul oyida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi joylashgan bino yaqinida umummilliy totuvlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lgan Milliy madaniy markazlar pavilyonining barpo etilishi, u yerda 22 ta millatga xos bo‘lgan uylar barpo etilgani milliy madaniy markazlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining katta sovg‘asi bo‘ldi. Ushbu pavilyonni hech ikkilanmasdan umummilliy totuvlik maskani deyishimiz mumkin.
30 iyul Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan joriy yil 25-31 iyul kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Do‘stlik” festivali ushbu milliy madaniy markazlar pavilyonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy kabi davlatlardan mehmonlar, shuningdek 30 ta davlat va xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu pavilyonning barpo etilishini noyob hodisa sifatida baholashib, u O‘zbekistonda yashab kelayotgan millatlar va elatlarning o‘z madaniyati va urf-odatlari, anʼanalarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyat eshiklarini ochishini, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni o‘zida to‘la ifodalashini, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarishini taʼkidlashdi.
Tadbirda ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji O‘zbekistonda turli millat va elat vakillariga nisbatan bo‘lgan hurmat va eʼtiborni yuksak qadrlashini, milliy madaniy markazlar pavilyoni ochilishi haqiqiy insoniy va ilg‘or g‘oya deb hisoblashini aytib o‘tdi.
Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodalari tufayli xorijda istiqomat qilayotgan Vatandoshlar bilan yaqindan ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday loyihalardan biri “Uz Global Think” forumidir. Ushbu loyiha tadbirkorlik platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli taʼlim kabi masalalarda o‘zaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti ko‘rinishida amalga oshiriladi.
Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar orasida akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yo‘li, muvaffaqiyatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalari to‘g‘risida fikr almashuvchi platforma yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari BMT Taraqqiyot dasturining “Xorijdagi vatandoshlar orqali bilimlarni transfer qilish” dasturi namunasida xorijdagi vatandoshlarning Yangi O‘zbekiston iqtisodiy qudratiga qo‘shayotgan hissasini yana-da oshirish maqsadida innovatsion ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan inson kapitali transferini amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy o‘quv yurtlarini bitirib, xorijiy davlat hududida yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarni birlashtiruvchi, ularni qo‘llab quvvatlovchi “O‘zbekistonlik bitiruvchilar” dasturi ishlab chiqilmoqda.
Ushbu vazifalarning barchasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida O‘zbekistonni yana-da taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Insonning eng muhim erkinliklaridan biri bu shak-shubhasiz vijdon erkinligidir. 2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi yurtimizda vijdon erkinligini institutsional jihatdan mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun bag‘rikenglik tamoyillarini, barcha konfessiyalar faoliyati uchun barqaror huquqiy asosni yana-da mustahkamladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2361 ta diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Ularning 2164 tasi islomiy, 197 tasi noislomiy, 180 ta xristian, 8 ta yahudiy, 7 ta bahoiy, shuningdek, buddaviylik ibodatxonasi, krishnaitlar markazi va konfessiyalararo bibliya jamiyatidir. Birgina 2017-2024 yillarda 108 ta yangi diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yangi masjid, xristian cherkovi va ibodatxonalari qurildi, mavjudlari taʼmirlandi. Bu esa barcha konfessiyalarga hurmat ko‘rsatishning amaldagi tasdig‘idir.
Shu bilan birga, joriy yil 25 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” Qonun bilan qabul qilinishi jamiyat hayotida katta voqea bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Konsepsiya ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqiga umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashashini taʼminlashga xizmat qiladi.
Joriy yil 10-13 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi o‘tkazildi.
Birinchi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi 2022 yil may oyida besh kun davomida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi. Forumda bir qator xorijiy davlatlardan yetuk olimlar, shuningdek sohaga oid mahalliy davlat idoralari, diniy tashkilotlar vakillari qatnashgan. o‘sha anjuman yakuni bo‘yicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tan olingan. Bu esa turli millat vakillari, turfa din hamda eʼtiqodga mansub insonlardan iborat bag‘ri keng jamiyatni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston modeli naqadar muhimligi tasdiqlaydi.
“Deklaratsiyalar muloqoti” forumi muntazam o‘tkazilishi, unda xorijdan hamda xalqaro tashkilotlardan nufuzli ishtirokchilar qatnashishi o‘zbekistonningsh eʼtiqod erkinligi va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga qaratilgan siyosati dunyo bo‘ylab yuksak eʼtirof etilayotganidan dalolatdir. Bundan tashqari, II Forum O‘zbekistonning dinlararo muloqotni yuqori qadriyat darajasiga ko‘tarish maqsadida ochiqlik tamoyiliga, diniy bag‘rikenglik va tolerantlik muhitini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu anjuman xalqlar va turli konfessiyalar vakillari o‘zaro tinch-totuv yashashini taʼminlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi, deb hisoblaymiz.
Maqolani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi so‘zlar bilan yakunlamoqchiman:
“Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yana-da mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-maʼrifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qatʼiy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.
Qahramon SARIYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi