Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganini barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yaqqol namoyon etmoqda. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy-ijtimoiy hayot, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar xalqimiz turmush tarzida o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi hamda xalqimizning birdamligi asosida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizdagi yangilanishlar uchun mustahkam huquqiy va amaliy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash yo‘lida ulkan natijalarga zamin yaratmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turli diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini yana-da mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Eʼtiborlisi, 2017 yili 19 sentyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida
2022 yilda “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish hamda
2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishish maqsadida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi o‘tkazilgan edi.
Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissasi bo‘ldi.
Muhim jihati shundaki mazkur muloqot anʼanaviy tus olib, joriy yilning 10-13-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligni xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.
Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilish va o‘z iqtidorini namoyish etish va o‘z diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda jami 2373 ta diniy tashkilot bo‘lib, shundan 2174 tasi islomiy va 199 tasi noislomiy diniy tashkilot hisoblanadi.
So‘nggi sakkiz yilda respublika bo‘yicha jami 130 ta diniy tashkilot, shu jumladan 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 105 ta masjid hamda 25 ta turli konfessiyaga taalluqli noislomiy diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi sifatida 2025 yil 25 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasining
1037-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ni alohida eʼtirof etish zarur.
Mazkur konsepsiya vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqni va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlashga qaratilganini taʼkidlash lozim.
O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, 2017 yilga qadar 3 ta oliy (1 ta islomiy 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kundagi holatga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 16 ta diniy taʼlim muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan
6 tasi oliy taʼlim berishga mo‘ljallangan.
Mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish borasida “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon imzolandi.
Ushbu Farmonning imzolanishi nafaqat diniy-maʼrifiy soha vakillari tomonidan, balki keng jamoatchilik tomonidan ham katta xursandchilik va mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Yana bir eʼtiborli jihat: so‘nggi yillarda nislomiy konfessiyalarning tadbirlari yuqori saviyada tashkil etib kelinmoqda. Xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining 145 yilligi (2017 yil noyabr) va 150 yilligi (2021 yil noyabr), Arman apostollik cherkovining 120 yilligi (2023 yil sentyabr), O‘zbekiston Bibliya jamiyatining 25 yilligi (2018 yil noyabr) va 30 yilligi (2023 yil sentyabr), Bahoiylar diniy jamoasi asoschisi Bahoulla tavalludining 200 yilligi (2017 yil noyabr), Bob tavalludining 200 yilligi (2019 yil noyabr) va Abdul Baho vafotining 100 yilligi (2022 yil yanvar) kabi tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani – yurtimizdagi tinchlik va bag‘rikenglikning yaqqol namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, turli din vakillarining xorijdagi muqaddas maskanlarni ziyorat qilishiga ham katta eʼtibor qaratildi. Jumladan, 500 mingga yaqin fuqaro Haj va Umra safariga, 10 000 dan ortiq fuqarolar Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda ziyoratlarni amalga oshirdi.
Xulosa o‘rnida taʼkidlash joizki, O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining ajralmas va muhim qismi sifatida dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Bu zaminda savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyat markazlari hamisha rivojlanib, xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik hamda turli madaniyat vakillariga hurmat tuyg‘ulari taraqqiyotning asosiy omili bo‘lgan.
Shu bois, bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va xalqlarning urf-odat hamda anʼanalari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil siyosat nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni taʼminlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasiz.
Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumida dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham O‘zbekistonning eʼtiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilayoganidan dalolat.
Davronbek Maxsudov,
O‘zbekiston Respublikasi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining
birinchi o‘rinbosari