Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Britaniya Parlamentida O'zbekistonga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Britaniya Parlamentida O'zbekistonga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi



LONDON, 6-mart. /"Dunyo" AA/. Britaniya parlamentida Parlamentlararo ittifoqdagi Britaniya guruhi (BGIPU) rahbariyati va vakillari ishtirokida O'zbekistonga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Tadbirda BGIPU raisi Fabian Gamilton boshchiligidagi Buyuk Britaniya parlamenti Jamoatchilik palatasi a'zolari Den Karden, Djessika Morden, Kris Lou va Xarriyet Bolduin hamda Lordlar palatasi a'zolari lord Rennard va lord Rogan, shuningdek, BGIPU xodimlari ishtirok etdi.

 

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov xorijiy tomonga mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida, xususan, parlamentarizmni rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda respublikaning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, turizm, ilmiy va akademik salohiyati haqida co'zlab berdi.

 

Britaniyalik deputatlar 2025-yilning 5-9-aprel kunlari tarixda ilk bor O'zbekistonda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasining o'tkazilishi respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashi, barqaror taraqqiyot va jahon davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish yo'lida muhim qadam bo'lishini ta'kidladilar.

 

Shu munosabat bilan, BGIPU raisi Fabian Gamilton boshchiligidagi Britaniya parlamentining Jamoatlar va Lordlar palatalari a'zolaridan iborat delegatsiya joriy yilning 1-11-aprel oralig'ida O'zbekistonga tashrif buyurishi ma'lum qilindi.

 

Tomonlar parlamentlararo muloqotni faollashtirish istiqbollari haqida ham fikr almashdilar. O'zbekiston-Britaniya munosabatlarini yanada mustahkamlash va turli sohalarda o'zaro manfaatli qo'shma loyihalarni amalga oshirishning qo'shimcha mexanizmlarini yaratish muhimligi bildirildi.

 

Tadbir yakunida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirish va bu borada mavjud salohiyatni to'liq ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy qadamlarni jadallashtirish maqsadida aloqalarni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.

 

BGIPU Parlamentlararo ittifoqning (PI) ta'sischi a'zosi hisoblanadi va PI masalalari bo'yicha barcha qarorlarni Britaniya parlamenti nomidan turli a'zo mamlakatlar parlamentlari bilan maslahatlashgan holda qabul qiladi. BGIPU Ijroiya qo'mitasi turli partiyalar va parlamentning ikkala palatasidan 25 nafar deputatdan tashkil topgan.