
LONDON, 28-fevral. "Dunyo" AA/. London universitet kolleji (UCL)da Buyuk Britaniyadagi Markaziy Osiyo yoshlari oyligi doirasidagi Navro'z bayrami keng nishonlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Markaziy Osiyo yoshlar alyansi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon kelgan talabalar, ushbu mamlakatdagi diaspora jamoalari, diplomatik korpus vakillari, Buyuk Britaniya akademik doiralari va Markaziy Osiyo madaniyati ixlosmandlari qatnashdi.
Tantanali tadbirni O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov qutlov nutqi bilan ochib berdi. Elchi yig'ilganlarni kirib kelayotgan Navro'z bayrami bilan tabriklab, uning Markaziy Osiyo xalqlari uchun chuqur tarixiy va madaniy ahamiyatini ta'kidladi. Navro'z ayyomi O'zbekistonda keng nishonlanishi, yangilanish, birlik va tinchlik ramzi sifatida e'tirof etilishi qayd etildi.
Ishtirokchilar Navro'z ayyomi talabalar, diaspora va xalqaro hamjamiyat o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o'ynashini bildirdilar. Markaziy Osiyo yoshlar oyligi madaniy va ta'lim aloqalarini kengaytirish, o'zaro tushunishni rivojlantirish va mintaqa imijini xalqaro maydonda ilgari surishda muhim platforma bo'lishiga ishonch bildirildi.
Tadbir doirasida mintaqa mamlakatlari milliy hunarmandchilik buyumlari ko'rgazmasi, milliy musiqa va raqslar, an'anaviy san'at va Markaziy Osiyo xalqlari taomlari namoyishi bo'lib o'tdi.
Markaziy Osiyo yoshlari oyligi Markaziy Osiyo yoshlar alyansi tashabbusi bo'lib, u mintaqa yoshlarini birlashtirish, madaniy va ta'lim aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoning xalqaro maydonda ijobiy imijini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Joriy yilning 22-fevraldan 22-martga qadar davom etadigan Markaziy Osiyo yoshlari oyligi doirasida Buyuk Britaniya oliy o'quv yurtlarida, talabalar uyushmalarida va madaniy markazlarda bir qator tadbirlar o'tkaziladi.
Ushbu anjumanlar yoshlar jamoalari, mutaxassislar va diaspora vakillariga mintaqa rivojlanishining asosiy masalalarini muhokama qilish, yangi sheriklik aloqalarini o'rnatish va o'zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun o'ziga xos platforma yaratadi.