
LONDON, 28-fevral. /"Dunyo" AA/. London shahridagi "The North Paddington Fashion Show" modalar uyida hamyurtimiz, "To'maris" ayollar kengashi asoschisi Zamira Ortiqovaning "Uzcouture London" brendi ostidagi liboslari namoyishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vatandoshimiz tomonidan tikilgan zamonaviy va milliy uslub bilan uyg'unlashgan liboslar tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Mazkur namoyish nafaqat moda ixlosmandlari, balki dizaynerlar uchun ham o'z mahoratlarini ko'rsatish uchun ajoyib imkoniyat bo'ldi. Unda 10 ga yaqin davlatdan kelgan dizaynerlar qatnashib, o'zaro tajriba almashish imkoniga ega bo'ldilar. Ayniqsa, modalar namoyishida milliy adras va kashta naqshlari aks etgan liboslar xorijlik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi va o'ziga xos o'zbek madaniyati haqida unutilmas taassurot qoldirdi.
Bu kabi tadbirlarda O'zbekiston madaniyati va milliy dizaynining namoyon bo'lishi mamlakatimiz moda sanoati uchun muhim qadam bo'lib, milliy merosimizni dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.