
LONDON, 18-fevral. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 5-16-fevral kunlari Navoiy davlat konchilik va texnologiya universitetining "Metallurgiya" kafedrasi professor-o'qituvchilari Britaniyaning Kembrij universitetida malaka oshirish dasturida qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur ta'lim dasturi universitetning Kavendish laboratoriyasida "Noyob minerallar va energiya materiallarini ilg'or tavsiflash salohiyatini oshirish" – "Capacity Building for Advanced Characterization of Critical Minerals and Energy Materials" xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Tadqiqotchilar Kembrij universiteti professorlari hamda nufuzli mutaxassislar bilan zamonaviy muhandislik tahlillari asosida turli eksperimental tajribalarda ishtirok etdilar.
O'zbekiston vakillari laboratoriyalarda termik ishlov berishning zamonaviy texnologiyalari, kimyoviy termik ishlov berish uchun yangi avlod jihozlari va texnologiyalari, raqamli dasturda boshqariladigan dastgohlarni dasturlash, metallarni eritish va tahlil qilish bo'yicha o'z bilimlarini mustahkamladilar.
Bundan tashqari, O'zbekiston mutaxassislari Kembrij universiteti faoliyati, ta'lim sohasidagi xalqaro hamkorlik, yangi tashabbus va tadqiqotlar bilan tanishdi.