Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekistondagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar Britaniya jamoatchiligi e'tiborida - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O'zbekistondagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar Britaniya jamoatchiligi e'tiborida



LONDON, 29-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida yetakchi britan ilmiy-madaniy muassasalarida uchrashuvlar o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Qadimiy qo'lyozma va toshbosma asarlarni tadqiq etish hamda kataloglashtirishga ixtisoslashgan Al-Furqon islom merosi jamg'armasida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilariga Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, diniy bag'rikenglikni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, muhim tashabbuslar haqida batafsil ma'lumot berildi. Muloqotda O'zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik natijalari sarhisob qilindi.

 

Al-Furqon islom merosi jamg'armasida direktori Sali Shohsuvoriy O'zbekiston Prezidenti tomonidan qadimiy yozma manbalarni o'rganish, buyuk allomalar ilmiy-ma'naviy merosni xalqqa yetkazish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.

 

Jamg'arma bilan O'zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari o'rtasidagi hamorlikni rivojlantirishga oid qator takliflar bildirildi.

 

Tadbir doirasida"O'zbekiston madaniy merosi durdonalari jahon to'plamlarida" nomli albomlar to'plami, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining yangi nashrlari, xususan, Iordaniyada chop etilgan Imom Moturidiyning "Kitob at-tavhid" asarining taqdimoti o'tkazildi.

 

Uchrashuv yakunida Al-Furqon islom merosi jamg'armasida va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Tashrif davomida O'zbekiston elchixonasida "Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar" mavzusida taqdimot tadbiri tashkil etildi. Unda Britaniyaning nufuzli ekspert va ilmiy doira vakillari, din va jamoat arboblari, vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda "Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar" nomli film namoyish etildi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasining yangi nashrlari ko'rgazmasi tashkil etildi.

 

Safar davomida Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida davra suhbati o'tkazildi. Ishtirokchilarga muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar qalamiga mansub "Yoshlarga nasihat", "Fitna ko'z ilg'amas xatar", "Ixtilofli masalalar yechimi" kabi kitoblari taqdim etildi.

 

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Britaniya ilmiy jamoatchiligida Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar katta qiziqish uyg'otdi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Londondagi Kristis va Sotbis savdo uylari faoliyati bilan tanishdilar. Savdo uylari ixtiyorida bo'lgan Markaziy Osiyo madaniy merosiga oid osori-atiqalar, jumladan, VIII asrga mansub so'g'diylar libosi, somoniylar davriga tegishli sopol idishlar, qadimiy binolarga oid koshinlar, temuriylar davriga oid Qur'oni Karim qo'lyozmalar haqida ma'lumot berildi.