Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Londonda O'zbekiston Madaniy merosi haftaligi tadbirlari davom etmoqda - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Londonda O'zbekiston Madaniy merosi haftaligi tadbirlari davom etmoqda



TOSHKENT, 29-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida Londondagi Al-Furqon islom merosi jamg'armasida uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Unda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'afurov va boshqa bir qator olimlar, tadqiqotchilar, shuningdek, Fransiyadagi "Temuriylar" jamiyati asoschisi va prezidenti Fredrik Bresson ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) va Al-Furqon islom merosi jamg'armasi o'rtasida yaqin hamkorlik o'rnatish masalalari xususida fikr almashildi.

 

– Bugun Yangi O'zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan madaniy merosni asrab-avaylashga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu borada Buyuk britaniyalik do'stlarimiz bilan hamkorlik alohida o'rin tutadi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan bunyod etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Britaniyadagi qator tashkilotlar va olimlar bilan bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda, - dedi O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Joriy yil avgust oyida Toshkent va Samarqandda o'tkazilgan VIII xalqaro kongressda, joriy yilning oktyabr oyida bo'lib o'tgan xalqaro madaniy meros haftaligida o'ndan ortiq britaniyalik olimlar o'z loyihalari bilan ishtirok etishdi. Ayni paytda bu loyihalarni takomillashtirish bo'yicha ishlar davom etmoqda. Shu o'rinda Londondagi Al-Furqon islom merosi jamg'armasi boshqaruvi direktori Sali Shahsivari bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Bugun biz bu yerda ana shu hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha bir guruh olimlar bilan kelganmiz. Sali Shahsivari O'zbekistonda bizga bir qator qiziqarli loyihalarni taklif etgan edi. Ulardan biri buyuk yurtdoshimiz Kaffol ash-Shoshiyning Maxosin asarlarini o'rganish bilan bog'liq.

 

Tadbirda qayd etilganidek, islom olamida o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan bu asarning nusxalarini jamlash, ularning faksimilelarini yaratish alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, uchrashuvda Al-Furqon islom merosi jamg'armasida xalqimiz madaniy merosiga oid yana bir qator asarlar saqlanayotgani va kelgusida ana shu qo'lyozmalarni birgalikda tadqiq etish rejalashtirilayotgani ta'kidlandi.

 

Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Al-Furqon islom merosi jamg'armasi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

Uchrashuv davomida O'zbekiston madaniy merosi hamda "O'zbekiston obidalaridagi bitiklar" kitob-albomlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kitoblari, esdalik sovg'alari Al-Furqon islom merosi jamg'armasi direktoriga topshirildi.