Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekistonning boy madaniyati, diqqatga sazovor joylari va sayyohlik imkoniyatlari Britaniya OAV nigohida - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O'zbekistonning boy madaniyati, diqqatga sazovor joylari va sayyohlik imkoniyatlari Britaniya OAV nigohida



LONDON, 26-noyabr /"Dunyo" AA/. Britaniyaning mashhur "loveEXPLORING" elektron nashrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

 

Maqolada O'zbekiston atmosferasi va madaniyati, tarixiy Ipak yo'li bo'yida joylashgan tarixiy shaharlari – Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan.

 

Muallif Piter Murning ta'kidlashicha, hech bir shahar Ipak yo'lining qadimiy go'zalligi va jozibasini Xivadek yetkaza olmaydi. Qayd etilishicha, devorlar bilan o'ralgan muzey shahar o'zining O'rta asr qiyofasini ajoyib holatda saqlab qolgan va mintaqaning madaniy merosi bilan tanishish uchun muhim joy hisoblanadi.

 

Ma'lum qilinishicha, shaharda 60 dan ortiq madaniy obyektlar, jumladan, masjid va saroylarni ko'rish mumkin.

 

Muallif O'zbekiston me'morchiligining xos jihatlarini va Buxorodagi mashhur Kalon minorasining tarixiy ahamiyatini alohida urg'ulagan.

 

Qayd etilganidek, O'zbekiston milliy oshxonasining asosiy taomlaridan biri – palov 2016 yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan. Shuningdek, materialda mamlakatimizning turli hududlarining o'ziga xos ta'mi va naqshlari bilan ajralib turadigan o'zbek noni haqida yozilgan.

 

Muallif Samarqanddagi Registon maydonini ta'riflar ekan, jumladan shunday deydi: "Registon maydonini yaxlit majmua shaklida keltirgan uchta inshoot Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan eng qadimiy madrasalardan hisoblanadi. Ushbu maydon mintaqaning eng diqqatga sazovor joyidir. Obidalarning ko'lami va ularni qoplagan keramik mozaika naqshlarining murakkabligi shunchaki hayratlanarli".

 

"loveEXPLORING" elektron nashrida e'lon qilingan maqolada, shuningdek, Buxoro hukmdorlarining qadimiy qarorgohi bo'lgan Ark qal'asi haqida ham so'z yuritilgan.