Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Londonda O'zbekistonda bo'lajak parlament sayloviga bag'ishlangan brifing o'tkazildi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Londonda O'zbekistonda bo'lajak parlament sayloviga bag'ishlangan brifing o'tkazildi



LONDON, 16-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida O'zbekistonda bo'lajak yirik siyosiy tadbir – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlangan brifing tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Tadbirda Buyuk Britaniya parlamenti, hukumati, ilmiy-akademik, ekspert-tahliliy va jamoat doiralari vakillari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov ishtirokchilarni respublikada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va parlament saylovlariga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan batafsil tanishtirdi.

Xususan, saylov kampaniyasining borishi, siyosiy partiyalar va ularning saylovoldi dasturlari haqida batafsil so'zlab berildi. Bo'lajak parlament saylovlari mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor majoritar va proporsional saylov tizimi asosida o'tkazilishi ta’kidlandi. Saylov tizimini o'zgartirish va takomillashtirishga qaratilgan innovatsion o'zgarishlar joriy etilayotgani, bu esa saylovlarning yanada samarali, shaffof va inklyuziv o'tishini ta’minlashi qayd etildi.

Brifing ishtirokchilari e’tiboriga O'zbekiston siyosiy partiyalarining dasturlari, ularning mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jabhalarida tutgan o'rni hamda ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Britaniya vakillari parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun O'zbekistonga bo'lajak safarga katta ishtiyoq bilan hozirlik ko'rayotganliklarini ta’kidlab, saylov tizimidagi yangiliklar bilan yana bir bor tanishish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.

Lord Veyverli, Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi a’zosi:

– Bu yilgi saylovlar O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi asosida mamlakat tarixida ilk bor aralash, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilayotgani e’tiborga loyiq. Brifing davomida barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayoni ishtirokchilari bilan o'zaro munosabatlari to'liq raqamlashtirilgani, shuningdek, saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirilgani, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilangani bilan tanishdik.

Bu, hech shubhasiz, Yangi O'zbekistonning demokratik huquqiy davlat barpo etish yo'lidagi muhim qadami va navbatdagi yutug'i deb hisoblayman.

Joriy saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashaman va Toshkentga O'zbekiston parlamentining yaqinlashib kelayotgan jarayonlaridagi yutuqlarni ko'rish uchun yana tashrif buyurishimdan juda xursandman.

Otabek Nuritdinov, vatandosh:

– Biz Britaniyadan O'zbekistondagi islohotlar jarayonini muntazam kuzatib boryapmiz. Vatandoshlar bilan o'zaro uchrashuvlarda yurtimizdagi o'zgarishlar haqida fikr almashamiz. Bo'layotgan yangilanishlardan xursandmiz va Vatanimizning yutuqlari bilan faxrlanamiz.

Yaqinda o'tkaziladigan parlament saylovi natijalari ham O'zbekistonning rivojlanishiga katta hissa qo'shadi, deb umid qilaman.