
LONDON, 19-sentabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxtidagi muhtasham Kolizey teatr va madaniyat saroyida O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi ko'magida "Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi" spektakli ilk namoyishi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi" spektakli jahon sahnalarida birinchi marta Dubay Opera teatrida namoyish etilgan va keyinchalik Istanbul, Dortmund, Parij, Sankt-Peterburg va Moskva jamoatchiligi e'tiboriga taqdim etildi.
Spektakl nemis xoreografi Raul Raymondo Rebek tomonidan sahnalashtirilgan bo'lib, unda sevgi va o'lmas ruh haqida hikoya qilinadi.
Markaziy Osiyo xalqlari an'analari va madaniyatini o'zida mujassam etgan ushbu sahna asari o'zining kuchli xoreografiyasi, ajoyib yorug'lik effektlari va boshqa jihatlari bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Spektaklni tomosha qilish uchun Kolizey teatr va madaniyat saroyiga Buyuk Britaniya parlamenti va hukumati, ilmiy-akademik, ekspert-tahlil, biznes doiralari vakillari, diplomatik korpus rahbarlari va xodimlari hamda ushbu mamlakatdagi vatandoshlar tashrif buyurishdi.