Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
O'zbekiston London dizayn biyennalisida ishtirok etishi mumkin - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

O'zbekiston London dizayn biyennalisida ishtirok etishi mumkin



LONDON, 13-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov London dizayn biyennalisi (London Design Biennale) direktori Viktoriya Broaks bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

2016-yilda asos solingan "London Design Biennale" loyihasi hozirgi paytda dizayn va san'at sohalaridagi eng nufuzli xalqaro tadbirlardan biriga aylangan. Biyennale Londonning markazidagi tarixiy Somerset-xausda har ikki yilda bir marta tashkil etiladi. Ushbu biyennale jahonning turli mamlakatlaridan kelgan dizaynerlar va arxitektorlarni birlashtirgan holda, innovatsion dizayn yondashuvlar, yangi texnologiyalar va san'at asarlarini namoyish etadi.

 

Viktoriya Broaks keyingi yillarda O'zbekistonda milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish, o'zbek xalqining moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash va targ'ib etish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini ta'minlash, madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

 

Suhbat davomida 2025-yilning 5-29-iyun kunlari London shahri markazida joylashgan tarixiy Somerset-xausda 5-London dizayn biyennalisida O'zbekiston milliy pavilyonini tashkil qilish masalasi muhokama qilindi.

 

Mazkur tadbirda turli mamlakatlardan kelgan dizaynerlar, arxitektor va san'atkorlar o'zlarining innovatsion dizayn yondashuvlari va yangi texnologiyalarini namoyish etadilar.

 

Uning badiiy direktori sifatida mashhur britaniyalik dizayner va moda ijodkori, "A Cold Wall" brendi asoschisi Samyuel Ross faoliyat yuritmoqda.

 

Ushbu biyennalida O'zbekistonning ishtirok etishi respublika uchun muhim qadam bo'lib, jahon miqyosidagi dizaynerlar va arxitektorlar bilan hamkorlik va ijodiy almashinuvlarni kengaytirish imkoniyatini berishi ta'kidlandi.

 

Uchrashuv yakunida xorijiy tomon bilan ushbu masalani respublikaning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.