Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Britaniyaning eng nufuzli bilim dargohi Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo ta'lim forumida ishtirok etadi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Britaniyaning eng nufuzli bilim dargohi Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo ta'lim forumida ishtirok etadi



LONDON, 10-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Harrow School"ga tashrif buyurdi va ushbu o'quv muassasasining direktori Alaster Lend bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Suhbat avvalida Britaniya tomoni Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko'lamli islohotlar va so'nggi yillar davomida respublikaning savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari hamda 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishtirildi.

 

Maktab direktori Alaster Lend O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan ta'lim sohasidagi o'zgarishlarni, ko'plab yangi ta'lim muassasalarining tashkil etilayotganini yuqori baholadi.

 

O'zbekiston rasmiy vakili tashrif davomida "Harrow" maktabi o'quv binosi, sinf xonalari, laboratoriyalari, o'quv jarayonlari va sport maydonchalari bilan batafsil tanishdi.

 

Muzokaralar natijasida shu yilning 15-17-oktabr kunlari Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo ta'lim forumida "Harrow School" maktabi vakillarining ishtirokini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

 

1572-yilda Britaniya qirolichasi Yelizavetta I tomonidan tashkil etilgan "Harrow School" Iton kolleji kabi mamlakatdagi o'quvchilarni dunyoning yetakchi oliygohlariga tayyorlab beradigan eng nufuzli bilim dargohi hisoblanadi. Maktab bitiruvchilari kelajakda o'z sohalarining malakali mutaxassislari bo'lib yetishib, o'z yo'nilishlarida yuqori lavozimlarni egallab kelmoqda. Ular orasida Britaniyaning bir qator sobiq bosh vazirlari, shu jumladan Uinston Cherchill, Hindiston sobiq bosh vaziri Javoharlal Neru, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqalar kabi taniqli davlat arboblari bor. Hozirgi kunda maktabda 850 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Ularning 20 foizini chet el fuqarolari tashkil etadi.