
LONDON, 9-sentabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan O'zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosim o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda 100 ga yaqin Britaniyaning tashkilot va idoralari mas’ullari, biznes va OAV vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdilar.
Marosim davomida vatandoshlarimiz tomonidan milliy cholg'u asboblarida kuy va qo'shiqlar ijrosi hamda O'zbekistonning turli ziyoratgoh go'shalarini tasvirlovchi fotosuratlar va videolavhalar mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
Anjuman ishtirokchilariga yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat va amaliy islohotlar tufayli mamlakatimiz xalqaro maydonda o'z o'rniga ega bo'lib, butun dunyo e’tirof etayotgani, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlik o'rnatilib, bu borada ochiq, do'stona hamda pragmatik siyosat olib borayotganligi, mamlakatimizda Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ulkan ishlar boshlab yuborilgani, jamiyat qurilishi va davlat siyosati "inson-jamiyat-davlat" tamoyili asosida olib borilayotgani to'g'risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir davomida yurtdoshlarimizga joriy yilning 27-oktabr kuni o'tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi jarayonlari haqida batafsil so'zlab berildi hamda mazkur siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Bayram tadbirining rasmiy qismidan so'ng dasturxon yozilib, milliy o'zbek taomlari tortildi.