Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
YTTB Markaziy Osiyodagi birinchi qayta tiklanadigan vodorod loyihasini qo'llab-quvvatlaydi - Embassy of the Republic of Uzbekistan in the United Kingdom of Great Britain and Northern Ireland

YTTB Markaziy Osiyodagi birinchi qayta tiklanadigan vodorod loyihasini qo'llab-quvvatlaydi



LONDON, 1-sentabr. /"Dunyo" AA/. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyoda birinchi qayta tiklanadigan vodorod loyihasini moliyalashtirishi haqida e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, mazkur loyiha doirasida O'zbekiston hududida 20 megavattli elektrolizer va 52 megavattli shamol elektrostansiyasini barpo etiladi.

 

Qayd etilishicha, YTTB "ACWA Power UKS Green H2" kompaniyasiga ushbu obyektlarni ishlab chiqish, loyihalashtirish va qurish uchun jami 65 million AQSh dollari qiymatida mablag' ajratadi.

 

O'zbekiston tomonidan ushbu loyihaning asosiy ijrochisi etib "O'zkimyosanoat" AJ belgilangan.

 

"Uglerodni eng ko'p talab qiluvchi va karbonsizlashtirish qiyin bo'lgan sanoat tarmoqlariga ega mintaqada YTTB ilk bor bunaqa loyihani moliyalashtiryapti", dedi bankning Barqaror infratuzilma guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad.

 

Takidlanishicha, ushbu obyektlar ekspluatatsiyaga topshirilgandan so'ng yiliga 3 ming tonnagacha qayta tiklanuvchi vodorodni ishlab chiqaradi hamda 22 ming tonnagacha CO2 chiqindilarini kamaytiradi.

 

Shtab-kvartirasi Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yilda tashkil etilgan. O'zbekiston to'rt yil davomida YTTB tomonidan eng ko'p moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyodagi davlat bo'lib qolmoqda. Bugungi kunda YTTB respublika hududida 164 loyihani amalga oshirish maqsadida O'zbekiston iqtisodiyotiga salkam 5 milliard AQSh dollari miqdorida mablag' ajratgan. Moliyaviy yordamning asosiy qismi xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan.