
Britaniyaning mashhur "The London Post" elektron-nashrida O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha erishilgan natijalarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan o'tkazilgan baholash natijalariga ko'ra, 2023-yil yakuniga ko'ra, O'zbekistonda kambag'allik darajasi 11 foizgacha pasaygan, — deyiladi nashrda. — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo'yicha uy xo'jaliklari byudjeti ma'lumotlari asosida 2022-2023-yillarga mo'ljallangan O'zbekiston aholisining farovonlik darajasidagi o'zgarishlar tahlilini o'tkazdi".
Maqolada O'zbekistonda kambag'allik darajasini tahlil qilish ilg'or jahon tajribasi, xususan, Jahon banki konsepsiyasi asosida xalqaro hisoblash usulidan foydalangan holda amalga oshirilgani ta'kidlangan.
"The London Post" ma'lumotiga ko'ra, 2021-yilda so'rovda 10 mingga yaqin uy xo'jaliklari qatnashgan, 2022-yilda bu qamrov 14 mingdan oshgan, 2023-yil davomida esa butun mamlakat bo'ylab 16 mingdan ortiq xonadon vakillari mazkur so'rovda ishtirok etdi.
"Natijada, agar 2022-yil davomida O'zbekistonda kambag'allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygan bo'lsa, o'tgan yili kambag'allik darajasi 11 foizga tushdi. Hisob-kitoblarga ko'ra, 2023-yilda yana 1 million kishi kambag'allikdan chiqarilgan", — deyiladi nashrda.
2020-yilda asos solingan "The London Post" Buyuk Britaniya va jahonda ro'y berayotgan muhim siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar haqidagi eksklyuziv yangiliklar va tahliliy materiallarni nashr etishga ixtisoslashgan Britaniyaning mashhur elektron portallaridan biri hisoblanadi.