
O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi 1-4-fevral kunlari London shahridagi "Olympia" ko'rgazmalar zalida bo'lib o'tayotgan "Destinations: The Holiday and Travel Show" xalqaro turistik yarmarkasida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Yarmarkaning birinchi kunida Britaniyaning nufuzli sayyohlik kompaniyasi "Wild Frontiers" tomonidan O'zbekistonning sayyohlik yo'nalishlari va uning salohiyati to'g'risida alohida taqdimot marosimi o'tkazildi. 2024-yil mobaynida 500 nafar britaniyalik sayyohlarni O'zbekistonga yuborish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tadbir doirasida Buyuk Britaniyaning bir qancha salohiyatli hamda nufuzli "Cox and Kings", "Regent", "Mountain Kingdoms", "Titan", "Travel the unknown" va boshqa turistik kompaniyalar stendlarida O'zbekiston britaniyalik sayyohlar uchun eng qiziqarli manzillardan biri sifatida namoyish etilmoqda.
"Cox and Kings" turkompaniyasi ijrochi direktori Djordj Kolvin so'ngi yillarda O'zbekiston turizm yo'nalishida britaniyalik va boshqa xorijlik sayyohlar uchun turlarni tashkil etib kelayotgani va yil sayin mamlakatimiz yangi turistik yo'nalish sifatida ommalashib borayotganini ta’kidlab, joriy yilda 1500 dan ortiq sayyohlarni jalb etishni rejalashtirganini aytib o'tdi.
Shuningdek yarmarkada turistik qo'llanmalarni chop etishga ixtisoslashgan "Bradt Travel Guides" nashriyoti tomonidan O'zbekiston va Qoraqalpog'istonga bag'ishlangan qo'llanmalar taqdimoti tashkil etildi.
"Cox and Kings" turkompaniyasi ijrochi direktori Djordj Kolvin:
— Yaqinda O'zbekistondan qaytganimdan so'ng, u yerda ko'rgan tarix va madaniyat meni juda hayratda qoldirdi. Bu yer zamonaviy tarixdan tortib, to'g'ridan to'g'ri "Ipak yo'li", islom madaniyatining qadimiy tarixigacha bo'lgan hamma narsani o'z ichiga olgan manzil. Mehmonxonalar, turar joy xizmatlari mamlakatda a’lo darajada va biz yil boshidan O'zbekistonga katta qiziqishlar bo'layotganini kuzatmoqdamiz.
Britaniyaning nufuzli sayyohlik kompaniyasi "Wild Frontiers" a’zosi Djonni Bilbi:
— Men hozirgina "Ipak yo'li", xususan uning yuragi bo'lgan O'zbekiston haqida ma’ruza qildim. Biz 20 yildan ortiq vaqt davomida "Ipak yo'li" bo'ylab sayohat qilib kelamiz, biroq O'zbekiston doimo diqqatga sazovor joy bo'lib qolaveradi. Samarqand, Buxoro va Xivadagi asosiy tarixiy obidalar jahon darajasida va bizning barcha mijozlarimiz O'zbekistonga oshiqishadi. Joriy yilda o'zimizga yuqori marralarni ko'zlab, betakror mamlakatingizga Buyuk Britaniyadan sayyohlar sonini ikki karra ko'paytirishni rejalashtirdik.
Ma’lumot uchun, "Destinations: The Holiday and Travel Show" xalqaro turistik yarmarkasi Britaniyada sayyohlik yo'nalishidagi eng ommabop ko'rgazmalardan biri bo'lib, 29 yildan beri muntazam ravishda o'tkazib kelinadi hamda 600 dan ortiq sayyohlik brendlarini birlashtiradi.