Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
London shahrida O'zbekiston biznes-ombudsmani va Buyuk Britaniya Moliyaviy ombudsman xizmati vakili o'rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

London shahrida O'zbekiston biznes-ombudsmani va Buyuk Britaniya Moliyaviy ombudsman xizmati vakili o'rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi



London shahrida O'zbekiston biznes-ombudsmani Dilmurod Kasimov va Buyuk Britaniya Moliyaviy ombudsman xizmati vakili Endi Rayt o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Suhbat davomida Dilmurod Kasimov O'zbekiston biznes-ombudsmanining tadbirkorlik subyektlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi vazifalari va funksiyalari haqida batafsil ma'lumot berib o'tdi.

 

O'z navbatida, Endi Rayt kreditlash, sug'urta va boshqa moliyaviy vositalar bilan ishlovchi Buyuk Britaniya Moliyaviy ombudsman xizmati faoliyati, shuningdek, tashkilot oldiga qo'yilgan vazifalar bilan tanishtirdi.

 

Buyuk Britaniya Moliyaviy ombudsman xizmati qirollik parlamenti huzurida tashkil etilgan bo'lib, unda 3000 dan ortiq xodim ishlaydi, har yili 200 mingdan ortiq murojaatlar ko'rib chiqiladi, shikoyatlarning deyarli 80 foizi 6 oy ichida hal etiladi.

 

Endi Rayt investitsiya muhitiga ijobiy ta'sir ko'rsatayotgan O'zbekiston biznes-ombudsmanining vakolatlari kengligi, shuningdek, mamlakatimizning turli sohalardagi ko'rsatkichlari jadal o'sib borayotganini alohida ta'kidladi.

 

Uchrashuv yakunlari bo'yicha ikki davlat xususiy sektori vakillarini qo'llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni yanada rivojlantirish tashabbusi olqishlandi.