Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni
Sport diplomatiyasi: Londonda mamlakatimizda kriket sport turini rivojlantirish bo'yicha O'zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligi muhokama qilindi - O'zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi

Sport diplomatiyasi: Londonda mamlakatimizda kriket sport turini rivojlantirish bo'yicha O'zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligi muhokama qilindi



Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida sport diplomatiyasi yo'nalishidagi muhim tadbir - O'zbekistonda kriket sport turini rivojlantirishga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Unda «Bat for a Chance» kriket xayriya jamiyati asoschisi va bosh direktori Uill Gaffni, mamlakatimizning sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotson, O'zbekiston Kriket federatsiyasi prezidenti Aziz Mixliyev va sport olamidagi muhim voqealar hamda yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan OAV vakillari qatnashdi.

 

Tadbir chog'ida O'zbekiston – Buyuk Britaniya o'rtasidagi sport sohasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashildi.

 

Elchi Ravshan Usmonov davra suhbatining ochilish qismidagi ma'ruzasida ishtirokchilarni O'zbekiston hukumati tomonidan sog'lom millatni shakllantirish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish va o'zaro hamkorlikni mustahkamlashning eng muhim omili bo'lgan sportni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.

 

«Bat for a Chance» kriket xayriya jamiyati rahbari Uill Gaffni o'z nutqida so'nggi yillarda O'zbekistonda kriket o'yinlari tobora ommalashib borayotganini ta'kidladi. Uning aytishicha, O'zbekiston Kriket federatsiyasi bilan hamkorlik ushbu sport turining asoschilari bo'lgan barcha britaniyaliklar uchun katta g'urur bag'ishlaydi. Shuningdek, jamiyat tomonidan O'zbekiston Kriket federatsiyasiga yosh kriketchilarni qo'llab-quvvatlash uchun 32 dona maxsus forma va aksessuarlar taqdim etilishi ma'lum qilindi.

 

O'zbekiston Kriket federatsiyasi prezidenti Aziz Mixliyev o'z navbatida, respublikada keng ommalashib borayotgan sport turlaridan biri kriketni rivojlantirish uchun ixtisoslashgan Britaniya tashkilotlari bilan hamkorlikning muhimligini ta'kidladi. Qayd etilishicha, yaqin yillarda O'zbekistonda kriket bilan 10 ming kishi shug'ullanishi nazarda tutilgan.

 

Davra suhbati yakunida O'zbekistonda kriketni rivojlantirish uchun maslahat va moddiy yordamlarni jalb etishda Britaniya xayriya tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash, ikki mamlakat terma jamoalari o'rtasida o'rtoqlik o'yinlarini tashkil etish va Hamkorlik memorandumini imzolash to'g'risida kelishib olindi.