
O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi baronessa Husayn-Edje bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot davomida O'zbekistondagi islohotlar jarayonlari, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, inson huquqlari, gender tengligini ta'minlash, jinoyat qonunchiligini takomillashtirish masalalari bo'yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Britaniyalik siyosatchiga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar, xususan, sud-huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash, inson huquqlari, gender tengligini ta'minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Baronessa Husayn-Edje O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlarni yuksak baholab, mamlakatimizda qisqa vaqt ichida, ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, bolalar va majburiy mehnatga barham berish sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini alohida ta'kidladi.
U Britaniya parlamenti O'zbekistondagi taraqqiyotni ishtiyoq bilan kuzatib borayotganini va islohotlarni davom ettirishda mamlakatga zarur yordam ko'rsatishga tayyorligini ta'kidladi. Siyosatchining o'zi O'zbekistonning hamkor tashkilotlari bilan gender tengligi, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni faollashtirishga ko'mak ko'rsatishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida baronessa Husayn-Edje shu yil 25-26-yanvar kunlari Londonda bo'lib o'tadigan «Yangi O'zbekiston: yangi imkoniyatlar, taraqqiyot uchun ijtimoiy sheriklik» xalqaro forumiga taklif qilindi.