
LONDON, 6-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov to'qimachilik sohasida faoliyat olib borayotgan yirik xalqaro uyushma — "World Textile Information Network" (WTiN) boshqaruv direktori Mark Jarvis bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mark Jarvis O'zbekistonda to'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlarni hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay muhit, taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarni yuqori baholadi.
Suhbat davomida O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to'qimachilik mahsulotlarini Britaniya bozoriga olib kirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Mark Jarvis boshchiligidagi "WTiN" delegatsiyasining joriy yil 8-10-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan xalqaro konferensiya va xalqaro kiyim ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasining jahon moda konvensiyasida (ITMF Annual Conference 2024 & IAF World Fashion Convention) qatnashishi bo'yicha kelishuvga erishildi.
WTiN Britaniyaning Lids shahrida joylashgan bo'lib, tekstil sanoatiga oid axborot va tahliliy ma'lumotlar taqdim etuvchi yirik xalqaro tarmoq hisoblanadi. U butun dunyo bo'ylab sanoat mutaxassislari uchun tekstil sohasidagi yangiliklar, bozor tahlili va innovatsion texnikalar bo'yicha so'nggi ma'lumotlar tayyorlaydigan muhim manba hisoblanadi. Uyushmaning 75 mingdan ortiq a'zosi mavjud.