
LONDON, 23-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniya Transport vazirligi huzuridagi "Crossrail International" kompaniyasi bosh ijrochi direktor Pol Dayson bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Britaniya vakili O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xorijiy ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar bilan tanishtirildi.
Tomonlar O'zbekiston iqtisodiyotining turli yo'nalishlarida qo'shma dasturlarni amalga oshirish va yirik infratuzilma obyektlarini loyihalash bo'yicha hamkorlik istiqbollari xususida fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo'nalishlarda o'zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish maqsadida kelgusida O'zbekistonning tegishli tashkilotlari mutaxassislari bilan muzokaralar o'tkazish va yurtimizga ishchi safarini uyushtirishga kelishib olindi.
2017-yilda tashkil etilgan "Crossrail International" kompaniyasi butun dunyo bo'ylab murakkab temir yo'l loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha strategik maslahatlar beradi. Hozirgi kunga qadar mazkur kompaniya ko'magida 20 ta davlatda umumiy qiymati 520 milliard dollarga teng bo'lgan 63 ta yirik transport va infratuzilma loyihalari amalga oshirilgan.