LONDON, 10-avgust. /"Dunyo" AA/. Britaniya diplomatik akademiyasi direktorining sobiq o'rinbosari, taniqli diplomat Ian Praud "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog'istonga buyurgan davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:
— Tashrif yakunlari ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun prinsipial ahamiyatga ega.
Kelgusi 10 yilga mo'ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturining imzolanishi hamda Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi o'tkazilish O'zbekiston va Qozog'iston murakkab hamda oldindan aytib bo'lmaydigan davrda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o'rtasidagi aloqalarni harakatlantiruvchi yetakchi kuchi roliga juda jiddiy yondashayotganidan dalolat beradi.
Mohiyatan, ikki davlat mintaqaviy va global jarayonlar bilan bog'liq masalalarda aniq qadamlarni qo'ymoqda. Ular, shuningdek, birdamlik, do'stlik, hamjihatlik orqali Markaziy Osiyo yaxlitligini butun dunyoga ko'rsatmoqchi.
Davlat tashrifi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo'shnichilik, amaliy, mintaqaviy va tizimli barqarorlik manfaatlariga, sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishga asoslangan tashqi siyosati mintaqada taraqqiyot va tinchlikni ta'minlashning eng yaxshi yo'li ekanligini yana bir bor namoyish etdi. Bu xizmatlar inobatga olinib, O'zbekiston Prezidenti "Oltin Qiron" oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Sanoat, savdo, madaniy-gumanitar, ilmiy sohalarda imzolangan ikki tomonlama shartnomalar O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi o'zaro manfaatli va do'stona munosabatlarni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ikki mamlakat o'rtasida o'rnatilgan ittifoqchilik munosabatlari o'zaro va mintaqaviy hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishiga, shuningdek, ular mintaqadagi boshqa davlatlarni birlashtirishga namuna bo'lishga, bu esa Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga xizmat qilishiga katta umid bor.