
O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva London shahrida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari lord Tarik Axmad bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, madaniy-gumanitar yo'nalishlarda aloqalarni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.
Lord Tarik Axmad tomonidan moliyaviy va texnologik sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun ikki davlatning yuqori salohiyati borligi ta'kidlandi. Bu borada amaliy mexanizm va tashabbuslarni ishga solish, jumladan, savdo vakillarini tayinlash orqali yangi loyihalarni amalga oshirish lozimligi aytib o'tildi.
Xorijiy tomon O'zbekistonga "GSP Enhanced" umumiy imtiyozlar tizimining kengaytirilgan sxemasining benefitsiari maqomi berilganini alohida qayd etib, Britaniya bozorida talab qilinadigan mahsulotlar eksportini oshirish istiqbollariga to'xtalib o'tdi.
O'z navbatida Tanzila Narbayeva Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari vakillarini 2024 yil may oyida bo'lib o'tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif qildi.
Suhbat davomida ta'lim sohasidagi hamkorlikka ham e'tibor qaratilib, O'zbekistonda Buyuk Britaniya yetakchi universitetlarining filiallarini ochish, malakali o'qituvchilarni jalb qilishning amaliy jihatlari ko'rib chiqildi.
Bugun barcha mamlakatlar kun tartibida iqlim o'zgarishi masalasi dolzarb bo'lgani inobatga olinib, mazkur yo'nalishda yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish, ayniqsa, qurg'oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, bunda suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish yo'nalishida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha fikr almashildi.