
Britaniyaning ommabop «The London Post» internet-nashri London shahrida O'zbekistonda ayollar huquqlarini kengaytirishga bag'ishlangan forum bo'lib o'tishini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
«O'zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) 100 dan ortiq delegatlari O'zbekistonda ayollar tadbirkorligi va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga bag'ishlangan forumga yig'ilishadi, - deyiladi maqolada. - YTTB, Oliy Majlis Senati va O'zbekiston Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi hamkorligida tashkil etiladigan yuqori darajadagi forum 2024-yil 25-yanvar kuni bo'lib o'tadi».
Portalda yozilishicha, forumdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekistonda tadbirkor ayollar duch kelayotgan muammolarni hal etishda davlat, biznes va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, gender tengligi va mamlakatda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko'maklashishdan iborat.
Ta'kidlanishicha, forumda O'zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimlarni o'zgartirish bo'yicha qator islohotlar boshlangan 2016-yildan buyon xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlar va ilg'or tajribalar ham namoyish etiladi.
«Forumda O'zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ularning iqtisodiy huquqlarini kengaytirish bo'yicha qimmatli ma'lumotlar va tavsiyalar berilishi kutilmoqda, - deyiladi nashrda. – Forum, shuningdek, O'zbekiston va YTTB o'rtasidagi sheriklik va muloqotni mustahkamlaydi.Bu esa mamlakatning bozor iqtisodiyoti va yanada inklyuziv jamiyatga o'tishini ta'minlaydi».